Qobuljon
Ahmedov

Jurnalist, media menejer, prodyuser

Qobuljon Ahmedov Xoliqovich

Qobuljon Ahmedov — jurnalist, media menejer, prodyuser. O'zbekiston Respublikasi Prezident administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi direktori (2025-yildan hozirgacha), “Mening yurtim” (MY5) telekanali bosh direktori (2022-yildan hozirgacha).

Biografiya

1984-yilning 13-mayida Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy. 2004-yilda Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Talabalik yillarida o‘qish bilan birga Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasida amaliyot o‘tagan.

Jurnalistika sohasiga “OʻzEOAVMA axborotnomasi” jurnali bosh muharriri (2004) sifatida kirib keldi. Assotsiatsiya qoshida respublikada birinchi Oʻzbekiston nodavlat telekompaniyalar teletarmogʻi (OʻzNTT) tashkil etildi hamda unda muharrirlik (2005-2006, 2010) qildi.

Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktor oʻrinbosari, direktor vazifasini bajaruvchi (2006-2008) boʻlib ishlagan davrda koʻplab loyihalar, jumladan, “Zamon bilan hamnafas”, “Ijtimoiy loyiha”, “Maslahat markazi” kabi grant dasturlarning asosiy tashabbuskori va ijrochisi boʻldi.

Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining ijrochi direktori (2008-2010) etib saylandi. Rahbarligi davomida respublikamizning har bir hududida Yoshlar studiyalari tashkil etilishida salmoqli ishlarni amalga oshirib, sohaga yuzlab yosh kadrlarning kirib kelishiga sharoit yaratdi. Shuningdek, Nodavlat radiostansiyalar tarmogʻi (NRT)ni tashkil etish orqali axborot almashinuvi mexanizmini yoʻlga qoʻyishda katta hissa qo‘shdi.

Bosma ommaviy axborot vositalar sohasida ham tajriba orttirdi. Xususan, “Darakchi” gazetasida dastlab mas’ul kotib, keyinchalik direktor (2010-2014) sifatida faoliyat yuritdi. Oʻzbekistonda eng koʻp adadda chop etiladigan xususiy gazetaga rahbarlik qilish davomida davlat siyosatini kreativ tarzda oʻquvchilarga yetkazish bilan bir qatorda qiziqarli va rang-barang materiallar bilan obunachilarning sonini oshirib bordi.

“Dono” nashriyoti direktori (2014-2016) lavozimida ishlagan yillarida bolalar uchun moʻljallangan “Dono Word”, “Bilimdon”, “Znayka”, “Excellent” jurnallarini tayyorlash va chop etish bilan shugʻullandi.

“Dono Productions” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori (2016-2017) sifatida faoliyat ko‘rsatganda afsonaviy oʻzbek rejissyori, Oʻzbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosovning “Mahallada duv-duv gap” filmining zamonaviy talqini, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini ochib berishga qaratilgan “Maftun boʻldim” (Maftun boʻldim senga, Oʻzbekiston!) badiiy filmi suratga olindi.

“Xabar.uz” axborot-tahliliy portali ijodiy guruh rahbarligi (2017-2018) davrida saytni “TOP-10 saytlar” qatoriga kiritishga erishdi. Bundan tashqari, “Xabar.tv” (“IT LIFE”) onlayn internet telekanal tashkil qildi.


Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi muassisligidagi “Yoshlar media markazi” nodavlat notijorat tashkiloti boshqaruv raisi (2018-2020) bo‘lib ishlaganda joriy qilgan yangi mexanizmi orqali yoshlarga oid davlat siyosatini keng targʻib qildi hamda Ittifoq faoliyatini yoritdi.

Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruv raisining oʻrinbosari — bosh direktori vazifasini bajaruvchi (2018) bo‘lganida yirik loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashdi.

“Mening yurtim” — MY5 telekanali bosh direktori (2018-2020) sifatida faoliyat yuritganda bir necha o‘nlab yangi loyihalarni yo‘lga qo‘ydi. 2019-yilda kanalning “Markaziy studiya” dasturi “Oltin qalam” xalqaro tanlovining televideniye yoʻnalishida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

OʻzMTRK “Yoshlar teleradiokanali” aksiyadorlik jamiyati direktori (2019-2020), Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori maslahatchisi (2020-2022) sifatida faoliyat olib borgan.

2025-yilning 12-mayida OʻzMTRK “Yoshlar” ijodiy birlashmasi direktori etib tayinlandi

2025-yilning 27-iyunida MY5 telekenali bilan Oltin qalam XIX Milliy mukofoti televideniye yo'nalishi 1-o'rin sohibi bo'ldi.

2025-yilning 2-sentyabrida O'zbekiston Respublikasi Prezident administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi (PA matbuot xizmatining sobiq media markazi) direktori bo‘ldi.

Shaxsiy hayoti

Oilali, toʻrt nafar farzandi bor: ikki qiz, ikki oʻgʻil.

Mehnat faoliyati

2000–2004 — O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi
2004–2010 — "O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi axborotnomasi" jurnalining bosh muharriri
2005–2006 — O‘zbekiston nodavlat telekompaniyalari teletarmog‘i muharriri
2006–2008 — Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat jamg‘armasining ijrochi direktori
2008 — O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining bosh muharriri
2008–2010 — O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining ijrochi direktori
2010–2010 — O‘zbekiston nodavlat telekompaniyalari teletarmog‘ining bosh muharriri
2010–2011 — "Darakchi" nashriyot uyi "Darakchi" gazetasining mas’ul kotibi
2011–2014 — "Darakchi Media Press" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori
2014–2016 — "Dono nashriyoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori
2016–2017 — "Dono Productions" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori
2017–2018 — O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Xabar.uz sayti va "Xabar.tv" ("IT-LIFE") loyihasining ijodiy guruh rahbari
2018–2019 — Milliy elektron ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari – ijrochi direktori
2018–2020 — "Ozod yurt to‘lqinlari" mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori ("Mening yurtim" telekanali)
2019–2020 — O‘zMTRK "Yoshlar" teleradiokanali AJ ijrochi direktori
2020–2021 — O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparatining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi
2022 – hozirgi kungacha — "Ozod yurt to‘lqinlari" mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori ("Mening yurtim" telekanali)
2025–2025 — O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (O‘zMTRK) "Yoshlar" ijodiy birlashmasi direktori
2025 – hozirgi kungacha — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi direktori

Televizion loyihalari

"Yulduzcha" bolalar musiqiy televizion tanlovi
"Men yulduzman" musiqiy televizion tanlovi
"Majnuntol" mualliflik qoʻshiqlari va gitara festivali
"Ibrat"
"Toʻrt devor ichidagi sir"
"Yoshlar ovozi" respublika festivali
"Yosh kitobxon oila" respublika tanlovi

Hujjatli filmlari

"Zulmat ortidagi nur"